Mars yuzasida 90 metr kenglikdagi sirli teshik aniqlandi. NASA olimlariga ko‘ra, bu teshik Mars ostidagi noma’lum dunyoga olib boruvchi “portal” bo‘lishi mumkin.
Teshik haqida nima ma’lum?
NASA’ning Mars Reconnaissance Orbiter apparati tomonidan 2017-yilda olingan tasvirda bir nechta teshiklar ko‘rsatilgan. Ulardan biri — mukammal yumaloq shakldagi va taxminan 100 metr diametrli — olimlarning diqqat markazida.
NASA olimlari bu teshiklar orqali yer ostidagi katta g‘orlar tizimi mavjud bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashdi. Bu joylar quyosh nurlari va kosmik nurlanishdan himoyalangan bo‘lishi sababli, hayotni saqlash uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lishi mumkin.
“Agar bu g‘orlar mavjud bo‘lsa, ular Marsdagi hayotni saqlovchi tabiiy boshpanalar bo‘lishi mumkin,” – deyishadi NASA mutaxassislari.
Kelajakdagi missiyalar uchun yangi nishon
Bugungi Mars sirtida magnit maydon va zich atmosfera yo‘q. Bu esa sayyora sirtini xavfli radiatsiyaga ochiq qoldiradi. Shunga qaramay, yer ostidagi tabiiy g‘orlar, xususan, lava quvurlari, yashirin hayot shakllari uchun himoya bo‘lishi mumkin.
AQSH Geologik xizmati (USGS) 2019-yilda Mars sirtida 1000 dan ortiq ehtimoliy g‘or kirish joylarini aniqladi. Lekin hozircha ularning haqiqiy chuqurligi noma’lumligicha qolmoqda.
SpaceX va inson missiyalari
Ilon Mask yaqinda Joe Rogan Experience podkastida SpaceX kompaniyasi 2026-yilda bir nechta bepilot kosmik kemalarni Marsga yuborishni rejalashtirayotganini aytdi. Ularning vazifasi – sayyoraga xavfsiz qo‘nishni sinovdan o‘tkazish. Insonlar esa taxminan 2028-yilda Marsga uchishi mumkin.
Ehtimol, birinchi astronavtlar ushbu sirli teshikni o‘z ko‘zlari bilan ko‘radilar. Mars sirtida haqiqatda ham hayot bo‘lishi mumkinmi?
* Изображение сгенерировано ИИ
